Fransiyada dahshat: Qurollangan fanatlar "Reyms" bazasiga bostirib kirib, futbolchilarga o'lim bilan tahdid qilishdi
14.04.2026 23:40 Ўқилди: 582
Klub rasmiy bayonotiga ko'ra, Fransiya ikkinchi ligasi doirasidagi "Laval" bilan durangdan (2:2) so'ng, bir guruh qurollangan shaxslar jamoa qarorgohiga bostirib kirishgan.
"Jumadan shanbaga o'tar kechasi o'zlarini 'Ultrem' guruhi a'zolari deb tanishtirgan shaxslar, yuzlariga niqob taqqan holda va qo'lbola qurollar bilan klub markaziga kirishgan. Ular jamoaning Lavaldan qaytishini kutishgan. Bunday harakatlar mutlaqo qabul qilib bo'lmas holat va butun klubni shokka tushirdi", - deyiladi klub bayonotida.
Ma'lum qilinishicha, bezorilar futbolchilarni haqorat qilib, irqchilik ruhidagi gaplar aytgan va o'lim bilan tahdid qilgan. Vaziyat nazoratdan chiqib ketmasligi uchun voqea joyiga huquq-tartibot organlari chaqirilgan.
"Futboldagi ehtiros - bu go'zal. Biz muxlislarning noroziligini tushunamiz, lekin hech narsa tahdid, irqchilik va o'lim bilan qo'rqitishni oqlay olmaydi. Klub ushbu holat bo'yicha sud jarayonlarini boshlaydi. Biz fojia yuz berishini kutib o'tirmaymiz", - deya qo'shimcha qildi "Reyms" vakillari.
Eslatib o'tamiz, "Reyms" o'tgan mavsum yakunlariga ko'ra Liga 1 dan tushib ketgan edi. Ayni damda jamoa ikkinchi divizionda 30 ta o'yindan so'ng 5-o'rinda bormoqda. Klub 2025 yil dekabr oyida policiya xodimi og'ir jarohat olganidan so'ng ham muxlislarni vazminlikka chaqirgan edi, biroq bu safar "qizil chiziq" bosib o'tildi.