Xuanfre Sans: "Vinisiusni sotish - "Real" uchun eng to'g'ri qaror. U kiyinish xonasida bo'linish keltirib chiqardi"
22.04.2026 12:56 Ўқилди: 563
La Liganing 33-turidan o'rin olgan "Alaves"ga qarshi bahs (2:1) boshida "Santyago Bernabeu" muxlislari Vinisius va Kilian Mbappeni hushtaklar bilan kutib olishdi. Vinisius uchrashuvda g'alaba golini kiritgach, muxlislardan uzr so'rab, klub emblemasini o'pib qo'ygan bo'lsa-da, bu harakatlar hammani ham ishontira olmadi.
"Men "Real" uchun eng yaxshi echim - ushbu futbolchini sotish ekanligiga qatiy ishonaman. Chunki Xabi Alonso davridagi "Barselona" bilan o'yin kuni u kiyinish xonasida ichki bo'linish keltirib chiqardi, hokimiyatni o'z qo'liga oldi va hech kim uni to'xtatib qolmadi.
Bugungi ishoralari - uning xatolarini tan olish usuli, xolos. Lekin menimcha, u barcha imkoniyatlaridan foydalanib bo'ldi. "Madrid" uni faqat yaxshi o'yini uchun jamoada olib qolgan edi - bu klub uning xulq-atvori uchun to'lagan tovon puli edi.
U yaxshi o'ynagan vaqtda bazi ishlari kechirilgan bo'lishi mumkin, ammo ishlar yurishmay qolganda, uning salbiy xulq-atvori hamma narsadan ustun kela boshladi. Omadsiz mavsumlardan so'ng qatiy choralar ko'rish vaqti keldi", - dedi Sans.