Qonunning 1-moddasi bilan Davlat bayrog'ining sxematik va rangli tasviri tasdiqlangan. Unda barcha o'lchovlar, oy va yulduzlar orasidagi masofalar aniq ko'rsatilgan.
Lekin keyinchalik, bayroqda tasvirlangan yangi oyning shakli o'zgarib qoldi, aniqrog'i – u “to'lishdi”.
Sportchilarimizning olamshumul g'alabalari tufayli bayrog'imiz jahon arenalarida hilpiramoqda. Lekin negadir, qonunda belgilangan o'lchovlar bilan emas, o'sha “to'lishgan”, yani egniga kengaygan yangi oy tasviri bilan. Jumladan, FIFA va OFK tasarrufidagi musobaqlarda biz shunga duch kelmoqdamiz.
Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor Jahon chempionati final bosqichiga yo'l oldi va 2 oydan so'ng boshlanadigan musobaqada butun dunyo biz haqimizda gapiradi, suratlar e'lon qilinadi. Jumladan bayroqlarimiz ham.
Agar qachondir bayrog'imiz tasviriga o'zgarish kiritilgan va biz bundan bexabar bo'lsak, unda muammo yo'q. Lekin o'zgarish kiritilmagan bo'lsa, unda bayrog'imizning noto'g'ri tasviri namoyish etilaveradi. Bu esa qonunning buzilishi hisoblanadi. Bunday bo'lmasligi uchun O'FA FIFAga to'g'ri tasvirli bayrog'imizni taqdim etishi lozim bo'ladi. Bu borada mutasaddilar o'z fikrlarini bildirishadi deb kutib qolamiz.