"TerDU" bosh murabbiyi Eldor Boymatov: "Hali hammasi yaxshi bo'ladi"
15.04.2026 22:48 Ўқилди: 298
- O'yin haqida fikringiz?
- O'yingacha "Metallurg"ni o'rganib, raqib uzun to'p uzatishlar orqali o'ynashini va standartlarga alohida e'tibor qaratishini bilardik va shunga yarasha tayyorgarlik ko'rgandik. Futbolchilarimiz tajribasizlik qilib bahs boshida gol o'tkazib yubordik. O'zimizga kelib olgan paytda kech bo'lgandi. Himoyadagi xatolar tufayli jazolandik.
- Jamoangiz safida tajribali futbolchilardan Nuriddin Hasanov bilan Sharofiddin Shobirovni ko'rdik. Boshqa tajribali o'yinchilarni ham qo'shib olish imkoniyati yo'qmidi?
- Tarkibimizga asosan surxondaryolik yigitlarni yig'ganmiz. O'tgan yil Birinchi ligada to'p tepgan va Ikkinchi ligadan chiqqan mahalliy futbolchilarni o'ynatyapmiz. Tajribali futbolchilar oldida yoshlar o'sadi degan niyatda shunday yo'l tutganmiz. Nasib qilsa sekin-asta yoshlar o'sib boradi. Hali hammasi yaxshi bo'ladi.
- Nimagadir o'yin uslubingizda yarim himoya va hujum orasida bog'liqlik sezilmayapti?
- Bu borada ham ish olib boryapmiz. Nima uchundir hujumda ishimiz o'xshamayapti, oxirgi aniq pasni bera olmayapmiz. Jarima maydonchasi ichida yigitlar o'zlariga ishonmay qolishyapti. Boya aytganimdek tajriba yetishmayapti. Xatolar nimada ekanini bilamiz va kamchiliklarni to'g'rilashga harakat qilamiz. Keyingi o'yinlarda "TerDU" muxlislarini xursand qilish niyatimiz bor.