
– Bugungi o'yin haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
– Avvalo, yig'ilganlarni bugungi ajoyib g'alaba bilan tabriklayman. Shubhasiz, bunday uchrashuvlar futbolning chinakam bezagidir. O'ylaymanki, stadionga tashrif buyurgan va uchrashuvni kuzatgan barcha muxlislar, eng avvalo, har ikki jamoa namoyish etgan hujumkor o'yindan mamnun bo'lishdi. Ishqibozlarimiz esa qo'lga kiritilgan ushbu g'alabadan behad xursandlar. Ushbu o'yin jamoamizning o'ziga xos xarakterini va nima maqsad yo'lida kurashayotganini yaqqol ko'rsatib berdi.
– Yosh hujumchi Nurbek Sarsenbaev bugungi o'yinda gol urishga erishdi, shuningdek, u kecha yoshlar ligasi bahsida ham o'z hisobiga gol yozdirib qo'ygan edi. Bunday mas'uliyatli o'yinda unga ishonch bildirib, maydonga tushirganingizni qanday izohlaysiz? Agar bu qaroringiz o'zini oqlamaganida, katta ehtimol bilan kuchli tanqidlarga uchrashingiz mumkin edi.
– Nurbekning bu muvaffaqiyatidan juda xursandman. U kelajagi porloq futbolchi, faqat buning uchun u o'z ustida ishlashdan va mehnat qilishdan to'xtamasligi lozim. Ushbu qarorga keladigan bo'lsak, jamoamizdagi ayrim jarohatlar sababli zaxira o'rindig'ida boshqa nomzod hujumchimiz yo'q edi. Shuni alohida takidlash kerakki, Nurbekning o'zi ham so'nggi paytlarda jarohati borligiga qaramay o'yinlarda ishtirok etmoqda. Qiyin vaziyatda jamoaga qo'lidan kelganicha yordam berishga intilayotgani uchun unga minnatdorchilik bildiraman. Oldimda ikkita yo'l bor edi: yoki Alisher Odilovni markaziy hujumga o'tkazib, qanotlarga boshqa futbolchini tushirish, yoki Nurbekka ishonch bildirish. Biroq har bir murabbiyning ichki sezgisi bo'ladi. Barchasi Yaratganning irodasi bilan bo'ladi, shu sababli bu fikr ko'nglimdan o'tdi va aynan shu qarorga keldim. Natijada qarorim to'g'ri bo'lib chiqqani va Nurbekning gol urgani barchamiz uchun yoqimli holat bo'ldi, deb hisoblayman.
– O'yin yakuniga etgach, legioner futbolchi Kofi Kuao tibbiyot xodimlari ko'magida maydonni tark etdi. Uning sog'lig'i bilan bog'liq holat qanday?
– Kofi Kuaoga kelsak, u pasport bilan bog'liq masalalarni hal qilish maqsadida o'z vataniga jo'nab ketgan edi va qariyb sakkiz kun davomida jamoa bilan birga bo'lmadi. U kechagina jamoa ixtiyoriga yetib keldi va bugun maydonga tushishiga to'g'ri keldi. Ma'lumki, bunday tanaffusdan so'ng futbolchi tonusdan chiqadi va mushaklarida zo'riqish yuzaga keladi. Shunga qaramay, u bugun maydonda borini berib, butun kuchi bilan jamoaga yordam berishga harakat qildi. Buni chinakam matonat deb baholash mumkin. Bir hafta mashg'ulot o'tkazmasdan, to'g'ridan-to'g'ri bunday og'ir va murakkab o'yinda ishtirok etgandan so'ng, futbolchida bunday og'riqlar kuzatilishi tabiiy holdir. Umid qilamanki, barchasi joyida va u keyingi uchrashuvlarga yana tayyor bo'ladi.
– Uchrashuvning 90-daqiqasida hisob 1:1 ko'rinishiga keldi. Shunday vaziyatda ham jamoangizning g'alaba qozonishiga ishonchingiz komilmidi?
– Ishonch doimo hakamning so'nggi hushtagi chalingunga qadar saqlanib qoladi. Xalqimizda "umid so'nggi lahzalargacha so'nmaydi" degan ibora bor. Men jamoamizning irodasi va xarakteriga ishongan edim. Albatta, bularning barchasi Yaratganning inoyatidir. Bunday murakkab o'yinlardagi g'alaba faqatgina inson omili bilan qo'lga kiritilmaydi. Ko'rsatilgan mehnatlarimiz evaziga bugun omad bizga kulib boqdi.
– So'nggi vaqtlarda, xususan "Paxtakor" va bugungi OKMK jamoalariga qarshi kechgan bahslarda, "Neftchi" o'yinda tub burilish yasashi uchun dastlab o'z darvozasidan gol o'tkazib yuborishiga to'g'ri kelmoqda. Negadir jamoa kuchli ruhiy ta’sirdan keyingina faollashmoqda. Buning sababi nimada?
– Men avvalgi intervyularimda ham takidlagan edim: modomiki biz hujumkor futbol namoyish etayotgan ekanmiz, yaratilgan vaziyatlardan unumli foydalanishimiz shart. Aks holda, raqib o'z imkoniyatlaridan foydalanib ketishi mumkin. To'g'ri, bugun OKMK jamoasining ham yo'qotadigan hech narsasi yo'q edi. Ular doimo ochiq va chiroyli futbol o'ynashga intilishadi. U yerda ajoyib jamoa shakllangan va malakali murabbiy faoliyat olib bormoqda. Biz o'z maydonimizda, muxlislarimiz qarshisida o'ynaganimiz sababli, hujumkor o'yin ko'rsatishdan boshqa choramiz yo'q edi. Birinchi bo'limning o'zidayoq yaqqol golli vaziyatlar yaratdik, biroq ulardan foydalana olmadik. Raqib esa deyarli kutilmagan vaziyatda penalti ishlab olib, imkoniyatdan unumli foydalandi. Albatta, bu holat jamoaning ruhiyatiga ta’sir qiladi. Gol o'tkazib yuborilgach, futbolchilar ham yo'qotadigan hech vaqosi qolmaganini anglab yetishadi.
Umuman olganda, o'yin boshida bosim juda yuqori edi. Chunki chempionlik qanchalik yaqinlashgani sari mas'uliyat va bosim ham shunchalik ortib boradi. Bu holatni engib o'tish ham futbolchilar uchun, ham murabbiy sifatida men uchun oson kechmayapti. Biroq fursatdan foydalanib, rahbariyatimizga o'z minnatdorchiligimizni bildiraman. Viloyat hokimi jamoani har tomonlama, ayniqsa ruhiy jihatdan muntazam va kuchli qo'llab-quvvatlamoqdalar. Aynan shunday dalda va jamoaviy jipslik orqali biz murakkab vaziyatlardan chiqib ketyapmiz va bugun ham shunday bo'ldi. Kelgusi o'yinlarda esa uchrashuv avvalida gol o'tkazib yubormaslik ustida jiddiy ishlaymiz.
– Yosh hujumchi Nurbek Sarsenbaev kuchli to'rtlikdagi jamoaga qarshi bahsda o'zini yo'qotib qo'ymadi va ishonchli o'yin namoyish etdi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi qanday va qancha muddatga tuzilgan?
– Nurbekning jamoa bilan 2028 yilga qadar mo'ljallangan shartnomasi mavjud. Xudo xohlasa, klubning u bilan bog'liq kelajakdagi rejalari juda ulkan. Uning muvaffaqiyati faqat bitta o'yin bilan cheklanib qolmasligi kerak. Masalan, u hozir yoshlar chempionatida to'purarlar ro'yxatida peshqadamlik qilmoqda. Agar u bugun ham, avvalgi o'yinlardagi kabi, to'purarlar poygasida o'z o'rnini mustahkamlasa va mavsum yakunida ham yoshlar jamoamizdagi, ham asosiy tarkibimizdagi hujumchilarimiz to'purar bo'lishsa, bu jamoamizning qanchalik samarali va hujumkor futbol namoyish etayotganidan dalolat beradi. Shu sababli, Nurbek jamoa bilan birgalikda o'zining eng yaxshi jihatlarini ko'rsatishda davom etishi kerak. Oldinda qilinadigan ishlar hali ko'p, vaqti kelganda klub rahbariyati bu borada tegishli qarorlarni ko'rib chiqadi.
– FIFA kunlari doirasidagi tanaffuslarda ham jamoa mashg'ulotlarni davom ettirmoqda. Bu holat jamoaning ichki muhiti va kayfiyatiga salbiy ta’sir ko'rsatmasligi uchun qanday ishlar olib borilmoqda?
– Umuman olganda, futbolda uzoq muddatli dam olish degan tushunchaning o'zi yo'q. Agar siz to'xtab qolsangiz, rivojlanishdan ortda qolasiz. Shuning uchun FIFA kunlari bo'lishi yoki bo'lmasligidan qati nazar, biz mashg'ulotlarni belgilangan reja asosida davom ettiramiz. To'g'ri, futbolchilar va murabbiylar mashg'ulotga kelib-ketishadi, lekin biz mashg'ulotdan va klubdagi ishdan tashqari vaqtda ham faqat futbol bilan yashaymiz. Ishdan uyga qaytganimizda ham xayolimiz futbolda bo'ladi. Futbolchilarning ham hayot tarzi shunday: ular mashg'ulotdan so'ng baribir o'z faoliyatiga ta’sir qiluvchi ortiqcha harakatlar qila olishmaydi. Ularning butun hayoti futbol bilan bog'liqdir. Modomiki inson professional futbolda faoliyat yuritar ekan, uning uzoq muddatli dam olishga haqqi yo'q.
– OCHL o'yinidan so'ng ijtimoiy tarmoqlarda turli xil salbiy fikrlar va tanqidiy munosabatlar tarqaldi. Bu holat qaysidir manoda klub uchun, xususan OKMK bilan bo'ladigan o'yinga tayyorgarlik jarayonida o'ziga xos motivaciya vazifasini o'tadimi yoki aksincha, ruhiyatga salbiy ta’sir qildimi?
– Bu juda murakkab va qil ustida turgandek qaltis vaziyat edi. Har bir insonning ichida o'ziga xos "men"i bo'ladi. Biroq jamoadagi har bir shaxs faqat o'zining shu "men"ini ko'rsatishga harakat qilsa, u yerda jamoaviylik yo'qoladi. Qaysidir vaziyatlarda kimdir o'zining ichki hissiyotlarini va g'ururini engib o'ta olishi kerak. Bu borada yuqorida aytib o'tganimdek, viloyat hokimimiz jamoani har tomonlama va juda katta miqyosda qo'llab-quvvatladi. U kishi sportga bo'lgan e'tiborlari va bilimlarini ham amalda ko'rsata oldilar. O'ylaymanki, qabul qilingan bu oqilona qarorlar va ko'rsatilgan yordam yakunda jamoamizning foydasiga ishladi.
![]() | 03.11.2026 02:24 Ўқилди 19061 Pirs Morgan: "Ronaldu ten Xag muhokama qilishga arzimasligini aytgan edi" |
![]() | 04.11.2026 00:32 Ўқилди 16298 "Al Kuvayt"ning bir futbolchisi "Nasaf"ga qarshi o'yinni o'tkazib yuboradi, yana bir hujumchi safga qaytdi |
![]() | 02.11.2026 21:56 Ўқилди 9944 Messi: "1000 ta gol marrasi ortidan quvmayapman, shunchaki o'yinlardan zavq olmoqchiman" |
![]() | 01.11.2026 21:08 Ўқилди 7492 Mirjalol Qosimov: "Lokomotiv" va OKMK Kubok finalida? Yaxshi-ku. Barchasi niyatga bog'liq" |
![]() | 01.11.2026 00:56 Ўқилди 7286 Bundesliga. "Bavariya" - "Borussiya D" 2:2 |
![]() | 02.11.2026 18:32 Ўқилди 7062 "Manchester Yunayted" Fransiya terma jamoasi hujumchisini sotib olishi mumkin |
![]() | 08.11.2026 00:48 Ўқилди 6193 “Nasaf” ayollar jamoasi Osiyo Chempionlar ligasi chorak finaliga chiqdi |
![]() | 02.11.2026 19:08 Ўқилди 5339 "Manchester Yunayted" "Bavariya"ning 60 million evrolik yarim himoyachisiga qiziqmoqda |
![]() | 08.11.2026 04:22 Ўқилди 5124 Misr terma jamoasi boş murabbiyini almaştirdi |
![]() | 02.11.2026 23:24 Ўқилди 5095 Flamarion: "Bu biz xohlagan natija emas" |
Реклама
Сайт хақида