"Bavariya" bir necha haftaga bosh murabbiysiz qoldi: Kompanining tiklanish muddati ma'lum qilindi
26.10.2026 12:16 Ўқилди: 722
Germaniya klubi sport direktori Maks Eberl 40 yoshli mutaxassisning sog'ayishi uchun uzoq vaqt talab etilishini ma'lum qildi. Shu bilan birga, "Bavariya" rahbariyati murabbiyning ishga qaytishini shoshirmoqchi emas.
"Biz kunlar emas, haftalar haqida gaplashamiz. Bu barchamizga ayon", – dedi Eberl.
Eslatib o'tamiz, 23 oktyabr kuni Kompani jamoa mashg'uloti paytida hushidan ketgan va shundan so'ng zudlik bilan kasalxonaga yotqizilgandi. Keyinroq klub vakillari belgiyalik murabbiyning ahvoli barqarorlashgani, ammo u qo'shimcha tibbiy ko'riklardan o'tishi zarurligini bildirishdi.
Eberl klub rahbariyati amaldagi murabbiylar shtabiga to'liq ishonishi va bosh murabbiy yo'qligida murabbiylar tarkibida o'zgarishlar qilishni rejalashtirmayotganini ta'kidladi.