Ravshan Ermatov: "Jahon chempionati ochilish o'yiniga tayinlaganimizda bizga nisbatan kamsitishlar bo'lgan"
07.06.2026 17:32 Ўқилди: 53
"Jahon chempionatining ochilish o'yiniga tayinlanganimizda, butun dunyo bizga ishonchsizlik bilan qaragan edi. Chunki jahon chempionatining ochilish o'yinini boshqarish juda katta bosim ostida kechadi. Bu – musobaqaning hakamlik standartlarini belgilab beradigan o'yin bo'lib, biz o'sha jahon chempionatidagi eng yosh hakamlar jamoasi edik. "Nega eng yosh hakamlarni tayinlayapsizlar? Bular hali birorta jahon chempionatida qatnashmagan bo'lsa, O'zbekistonning o'zi umuman jahon chempionatlarida o'ynamagan bo'lsa... O'zbekistonda o'zi futbol bormi?" – degan qandaydir kamsitishlar ham bo'lgan.
O'sha paytda O'zbekiston farzandlari haqiqatan ham har qanday saviyada o'z yurtini munosib namoyon eta olishga qodir ekanligini, o'zbekistonliklarning qo'lidan nimalar kelishini ko'rsatib qo'yish biz uchun juda katta motivaciya bo'lgan. Shunday bo'ldi ham. Bizni xursand qilgan narsa shu bo'ldiki, boshida bizga ishonchsizlik va hattoki kamsitish bilan qaragan insonlarning fikri o'zgardi. Jahon chempionatining oxiriga yaqinlashganda: "Final o'yiniga o'zbekistonliklarni tayinlash kerak, ular eng munosib hakamlar", – deya fikrlarini o'zgartirib, munosabat bildirishdi", dedi 48 yoshli mutaxassis.
Eslatib o'tamiz,Ravshan Ermatov Jahon chempionatlari tarixida eng ko'p o'yin boshqargan hakam hisoblanadi. U uchta mundialda jami 11 uchrashuvda bosh hakam sifatida ishlagan.