Argentina terma jamoasi JCH-2026 oldidan bir futbolchisidan ayrildi
06.06.2026 21:11 Ўқилди: 141
Argentina terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati boshlanishi arafasida tarkibiy yo‘qotishga uchradi.
Milliy jamoaning rasmiy sahifalarida ma’lum qilinishicha, himoyachi Leonardo Balerdi jarohat sababli mundialda ishtirok eta olmaydi.
— Leonardo Balerdi o‘ng oyog‘ining kambalasimon mushagidan jarohat oldi va shu sababli Jahon chempionati qaydnomasiga kiritilmaydi. Tezroq sog‘ayib ketishingni tilaymiz! — deyiladi Argentina terma jamoasi bayonotida.
26 yoshli futbolchi amaldagi jahon chempionlari himoya chizig‘ini kuchaytirish variantlaridan biri sifatida ko‘rilayotgan edi, ammo endi u to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasini o‘tkazib yuboradi.
Eslatib o‘tamiz, Argentina terma jamoasi 2022 yil Qatarda bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati g‘olibi hisoblanadi. «Albiseleste» o‘z tarixida uch marta — 1978, 1986 va 2022 yillarda jahon chempioni bo‘lgan.
JCH-2026da argentinaliklar J guruhida ishtirok etadi. Ular Jazoir, Avstriya va Iordaniya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Jamoa sardori Lionel Messi yakuniy qaydnomadan joy olgan. Agar u maydonga tushsa, futbol tarixida olti marta Jahon chempionatida ishtirok etgan ilk futbolchiga aylanadi.