"Chelsi" "Tottenxem"ni mag'lub etdi, "shporlar"ning taqdiri oxirgi turda hal bo'ladi
20.05.2026 02:16 Ўқилди: 5166
"Stemford Brij" stadionida kechgan bahsda "Chelsi" hamda "Tottenxem" jamoalari o'zaro ro'baro kelishdi. Uchrashuvni Styuart Atvell boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib bordi. O'yindagi hisob 18-daqiqada mezbonlar yarim himoyachisi Enco Fernandes tomonidan ochildi. 67-daqiqaga kelib yana bir yarim himoyachi Andrey Santos "aristokratlar"ning ustunligini mustahkamladi. Mehmonlar hujumchisi Risharlison 74-daqiqada oradagi farqni qisqartirishga muvaffaq bo'ldi, biroq uchrashuvning qolgan qismida darvozalar boshqa ishg'ol etilmadi - 2:1.
Ushbu g'alabadan so'ng "Chelsi" 37 o'yindan keyin 52 ochko jamg'arib, turnir jadvalida 8-o'rinni egallab turibdi. "Tottenxem" esa 38 ochko bilan hamon xavfli zona yaqinida - 17-pog'onada bormoqda. Ange Postekoglu jamoasini quyi ligaga tushib ketish hududidan atigi 2 ochko ajratib turibdi. Navbatdagi turda "Chelsi" safarda "Sanderlend" mehmoni bo'lsa, "Tottenxem" o'z maydonida "Everton"ni qabul qiladi. APLning so'nggi 38-tur bahslari 24 may kuni bo'lib o'tadi.