Ro'ziqul Berdiev: "Ikkinchi davra oldidan transfer qilmasak yana qiynalib qolamiz"
17.05.2026 01:24 Ўқилди: 4713
Bunda "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz? - O'z uyimizga qaytganimizdan xursandmiz. Maydon holati ancha yaxshi bo'pti, sekin-asta sifati ham o'zgarib boradi. Raqibimiz birinchi liga vakili bo'lgani bilan bu jamoaga respekt deyman. Tuman jamoasining shu darajada o'yin ko'rsatishi va harakat qilishi ijobiy taassurot qoldirdi. Birinchi taymda o'yinga jiddiy yondoshdik, lekin ikkinchi bo'limda biroz bo'shashdik. Muhimi, g'alaba qozonib o'z hisobimizga uch ochko yozib qo'ydik.
- "Nasaf" bu yil ham uchta frontda kurash olib boradi. Rejalar qanday? - Rejamizga ko'ra, hali ko'p ishlarni amalga oshirishimiz kerak. Yangi futbolchilarni taklif qilish va jamoani barqarorlashtirish kerak. Bizga uch-to'rt nafar yaxshi saviyadagi futbolchilar lozim. O'z imkoniyatimizdan kelib chiqqan holda ish tutamiz. Hozircha mavjud tarkib bilan o'ynab turibmiz. Lekin ikkinchi davra oldidan transfer qilmasak yana qiynalib qolamiz.
- Legioner futbolchi Shala bugun ko'rinmadi. - Bu futbolchimiz oilaviy muammosi bilan uyiga ketdi. Bu muammo qachon qanday hal bo'lishini bilmaymiz. Vaziyatdan kelib chiqib balki shartnoma ham bekor qilinishi mumkin. Bu borada yakuniy to'xtamga kelmadik. Terma jamoaga chaqirilgan futbolchilarimiz bor. G'olib G'aybullaevda jarohat bor edi, ertadan mashg'ulotlarga qaytadi. Murodni bugun kam o'ynatganimiz unda ham engil jarohat bor.