Sardor Mirzaev: "Noto'g'ri tashxis tufayli ko'p vaqt yo'qotdim, Temurxo'ja Abduxoliqov ikkinchi yoshligini o'tkazyapti"
25.04.2026 14:08 Ўқилди: 305
Gollarga boy o'tgan uchrashuvda "temiryo'lchilar" 3:2 hisobida g'alabaga erishdi.
Jamoaning gollaridan biriga Sardor Mirzaev mualliflik qildi. O'yindan so'ng tajribali yarim himoyachining fikrlarini tingladik.
- “Nasaf”ga qarshi kechgan dramatik o'yin haqidagi taassurotlaringiz qanday?
- “Nasaf”ga qarshi o'yin qiyin bo'lishini oldindan bilardik. Haqiqatan ham oson kechmadi. Ammo eng muhimi - g'alaba qozondik va juda muhim 3 ochkoni qo'lga kiritdik, deb o'ylayman.
- O'yinning gollarga boy o'tishida nima ko'proq rol o'ynadi?
- Har ikki jamoada ham yaxshi ijrochilar bor edi. Fikrimcha, o'yin davomida yaratilgan vaziyatlardan samarali foydalanilgani gollar ko'p bo'lishiga sabab bo'ldi.
- “Lokomotiv”da gol urganlardan Temirxo'ja Abduxoliqov 34, siz 35 yoshdasiz. Ikkinchi yoshlikni o'tkazyapsizlarmi?
- Temirxo'ja aniq ikkinchi yoshligini o'tkazyapti, u hozir juda yaxshi formada. Menga kelsak, yo'q, deb o'ylayman (kuladi).
- Bu yilgi mavsum startdan o'tdi. Jamoalar saralanib bo'ldimi - kuchli va kuchsizlarga?
- Menimcha, hozircha jamoalar o'rtasida katta farq sezilmayapti. Barcha jamoalar kurashyapti. Bu esa chempionatni yanada qiziqarli qiladi.
- Jarohat sabab bir necha yil o'ynamadingiz va matonatli qaytish qildingiz. Qiyin yillar edi. Bu davr qanday o'tdi, kuchni qayerdan topdingiz?
- Ha, noto'g'ri tashxis sabab ancha vaqt yo'qotdim. Balki shunday bo'lishi kerakdir. Lekin yana maydonga qaytganimga shukr qilaman. O'sha yillar juda og'ir o'tdi, ammo barchasi ortda qoldi.