
Ko'pchilikda “Nima uchun bu klub asosiy jamoadan tortib eng kichik yosh toifalarigacha doimiy barqarorlikni saqlab qola oladi?” degan haqli savol tug'iladi. Buning zamirida ikkita fundamental omil yotadi: o'zgarmas ananalar va uzluksiz ishlaydigan tizim.
Etmish yillik poydevor va “Paxtakor” DNKsi
Har qanday buyuk klubning muvaffaqiyati uning o'tmishga bo'lgan hurmati va qadriyatlarini asray olishi bilan o'lchanadi. “Paxtakor” hech bir davrda, qanday rahbar kelishidan qati nazar, o'z qiyofasini yo'qotmadi. Bu yerda har mavsumda tarkib butunlay yangilanib kyetmaydi, klub ramzlari-yu tarixiga bepisandlik qilinmaydi. Shu bois ham mamlakatning eng iqtidorli yoshlari aynan shu akademiya libosini kiyishni orzu qiladi. Faqat 2018-2020 yillar oralig'ida akademiyaga biroz engil qaraldi. Buning og'riqli natijalari 2021-2022 yillarda ko'rindi. Jahongir Ortiqxo'jaevning jamoasi kelgach kech bo'lmasidan ish yana to'g'irlandi.
Yurtimizda bunday chuqur ananalarga ega klublar sanoqli: “Paxtakor” va so'nggi yillarda o'z shonli tarixini qayta tiklayotgan Farg'onaning “Neftchi”si. Shuningdek, Qarshining “Nasaf” klubi ham o'z tizimi bilan alohida etirofga loyiq - ularning U-19 jamoasi ketma-ket ikkinchi yil mamlakat chempionati finaliga chiqqani buning yorqin isbotidir. Ammo Toshkent klubidagi g'oliblik ruhi - bu alohida mavzu.

U-19 taxti: murabbiylar va tarkiblar o'zgaradi, chempionlik esa qoladi
So'nggi uch yil ichida “Paxtakor” U-19 jamoasi mamlakat miqyosida hech kimga imkoniyat qoldirmay kelmoqda. E'tiborlisi, bu g'alabalar birgina tarkib yoki bir murabbiyning mehnati emas, balki to'g'ri yo'lga qo'yilgan mexanizm natijasidir:
2024 yil: Bobur Abdurahmonov va Akmal Xolmatov boshchiligidagi yosh “sherlar” oltin medallarga ega chiqdi. Ushbu tarkib vakillari Ibrohim Shokirov hamda Abubakr Shukrullaev keyinchalik O'zbekiston terma jamoasi safida Osiyo chempioni bo'lishdi.
2025 va 2026 yillar: Estafetani qabul qilib olgan Otabek Mansurov va Aziz Talxatov tandemi jamoani ketma-ket ikki bor shohsupaning eng yuqori pog'onasiga olib chiqdi va klubga qatorasiga uchinchi chempionlikni taqdim etdi.

Bundan tashqari, Toshkent shahar chempionatining 4 ta yosh toifasidan 3 tasida hamda shahar yoshlar ligasida aynan “Paxtakor” tarbiyalanuvchilari tengsiz deb topildi. Bu natijalar shunchaki omad emas, balki bolalar futbolidan tortib o'smirlar jamoasigacha bir xil uslub va yuqori talab qo'yilganidan dalolat beradi. Eng muhimi, bu yigitlar shunchaki medal yutib qolishmayapti, balki katta futbolga qadam qo'yishmoqda: Davron To'laganov, Quvanishbek Saydaliev, Diyor Ermanov kabi yoshlar yangi darajaga ko'tarilmoqda. Avvalgi siyosatga ko'ra o'ynab keta olmagan futbolchini boshqa jamoaga yo'l olishi qiyin bo'lgan. Bugungi rahbariyat agar futbolchidan o'zi foydalanmasa, uni kelajakdagi yo'lini to'smaslik uchun javob beryapti va ular boshqa jamoalarda muvaffaqiyatli to'p tepib kelyaptilar. Diyorbek Ortiqboev, Diyor Xolmatov, Ruslan Jiyanov, Alisher Odilov, Abror Ismoilov va boshqalar. Shuning uchun ham "Paxtakor" akademiyasi dunyo klublari reytingida TOP 50 ga kirdi.
U-21 ligasidagi mutlaq gegemonlik: to'rt yillik hukmronlik siri
O'rinbosarlar birinchiligida “Paxtakor” U-21 jamoasi namoyish etayotgan barqarorlik yanada hayratlanarli. 2023 yildan buyon “sherlar” bu ligada oltin medallarni hech kimga bermay kelishmoqda. Joriy mavsumda ham jamoa ketma-ket to'rtinchi chempionlikka erishdi.
Keling, so'nggi to'rt yilda jamoani boshqargan murabbiylar shtabiga nazar tashlaylik:
2023 yil: Olim Shokirov, Oybek Usmonxo'jaev, Dmitriy An
2024 yil: Mirko Yyelichich, Oybek Usmonxo'jaev
2025 yil: Brunu Karvalyu, Shuhrat Bo'riev, Ilhom Suyunov
2026 yil: Shuhrat Bo'riev, Oybek Usmonxo'jaev, Pavel Tyulkin
Ko'rib turganingizdek, to'rt mavsumda to'rt xil bosh murabbiy, turlicha uslub va falsafa egalari ishlagan bo'lsa-da, yakuniy natija o'zgarmagan.
Demak, klubda shunday muhit shakllanganki, u erga kelgan har qanday mutaxassis va futbolchi avtomatik tarzda “faqat g'alaba uchun o'ynash” rejimiga tushib qoladi. Bundan shu narsa ko'rinadiki, "Paxtakor"ga kim bosh murabbiy bo'lmasin, u allaqachon yarim ish bajarib bo'lingan klubni boshqaradi. Tarkibni to'g'ri qo'ysa bo'lgani.

Asosiy tarkib eshiklari: nega akademiya bitiruvchilariga darhol imkon berilmaydi?
Ko'plab muxlislarni qiynaydigan yana bir muhim savol bor: “akademiya shunchalik kuchli bo'lsa, nega asosiy tarkibda yoshlar kam?” Buning o'ziga xos obektiv sabablari mavjud.
Birinchidan, raqobat muhiti va bosim. Avvallari Superligada chempionlik uchun asosan “Paxtakor” va “Bunyodkor” kurash olib borardi. Bugungi kunga kelib esa vaziyat tubdan o'zgardi: vodiyning azaliy gigantlari - “Navbahor” va “Neftchi”, shuningdek, OKMK kabi ambiciyali klublar chempionlik poygasiga jiddiy qo'shildi. Bunday “olovli” raqobat sharoitida tajribasiz yoshlarni birdaniga maydonga tashlash nafaqat natijaga, balki futbolchining ruhiyatiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Ikkinchidan, o'tish davri va ijara tizimidagi uzilish. Ilgari “Paxtakor”da ajoyib amaliyot mavjud edi: asosiy tarkibga kira olmagan iqtidorlar Superliganing boshqa klublariga ijaraga berilar, u yerda chiniqib, tayyor o'yinchi sifatida ortga qaytishardi. Masalan, Jamshid Iskanderov, Farhod Tojiev va Sadriddin Abdullaev Samarqandning “Dinamo”sida, Egor Krimec Xitoy chempionatida, Vladimir Kozak esa “Anji”da tajriba to'plab, “Paxtakor”ning yetakchilariga aylanishgan.
Biroq 2019 yildan so'ng klub farm-jamoasining yopilishi va “Olimpik” loyihasining ishga tushirilishi oqibatida ko'plab istedodlar boshqa jamoalarga o'tib ketishdi. Hatto Hojimat Erkinov ham “Qo'qon-1912” va OKMKda o'zini ko'rsatganidan so'nggina qadrdon klubiga qaytarildi.
Bugungi kunga kelib vaziyat yana ijobiy tomonga o'zgarmoqda - murabbiylar shtabi Muhammadbobur Karimov va Davron To'laganov kabi yoshlarga asta-sekin imkoniyat berishni boshladi. Zero, “Paxtakor” akademiyasi yetishtirib berayotgan bu oltin avlod ertami-kechmi nafaqat klubning, balki butun O'zbekiston milliy terma jamoasining asosiy tayanchiga aylanishi shubhasiz.

Bu borada Dilshod Karimov va boshqarayotgan ishchi guruhni maqtamasa bo'lmaydi. Ko'p yerda eshitaman, hozirgi "Paxtakor" nima qildi degan savolni. Menimcha maqola boshida bunga javob berdim. Kecha U-17 JCH da o'z yurishini boshlagan "Paxtakor" sharafini terma jamoada eng ko'p futbolchi himoya qiladi. 2025 yilgi JCHda ham shunday ko'rsatgichni ko'rgan edik. Demak, klubda barcha ishlar joyida. Mening shaxsiy fikrim, 2027 yilgi mavsum uchun mana shu yoshlarni asosiy tarkibda ham rivojlantira oladigan o'ta kuchli mutaxassis kerak, shunda qilinayotgan ishlarni mevasini katta futbolda ham ko'rgan bo'lar edik.
![]() | 17.11.2026 00:48 Ўқилди 13623 Shartnomadagi band Joau Feliksning "Barselona" va "Chelsi"ga o'tishini qiyinlashtirmoqda |
![]() | 17.11.2026 04:56 Ўқилди 8509 Millatlar ligasi. Germaniya Niderlandiyani "sochib tashladi", Gretsiya Serbiya ustidan g'alabani tantana qildi |
![]() | 17.11.2026 07:48 Ўқилди 4110 Bugun Milliy terma jamoamiz Saudiya Arabistoniga qarshi maydonga tushadi |
![]() | 12.11.2026 20:48 Ўқилди 3793 U19. "Lokomotiv", RFA hamda "Mashal" chorak finalga yo'l oldi |
![]() | 16.11.2026 18:56 Ўқилди 3381 Anchelotti: "Romario juda ko'p gapiradi" |
![]() | 16.11.2026 21:24 Ўқилди 3191 Pochettino MYUda kengaytirilgan vakolatlarga ega bo'lishi mumkin |
![]() | 16.11.2026 19:48 Ўқилди 2692 Vinisius JCH-2026dagi omadsizlikdan keyin Braziliya terma jamoasiga bo'layotgan tanqidlarga javob berdi |
![]() | 17.11.2026 09:00 Ўқилди 2634 "Bu sharmandalik". Xavi - Niderlandiyaning Germaniyadan uchralgan 0:5 hisobidagi mag'lubiyatidan so'ng |
![]() | 12.11.2026 20:16 Ўқилди 2603 "So'g'diyona" nishonidagi murabbiylar ma'lum |
![]() | 17.11.2026 00:00 Ўқилди 2556 Germaniya - Niderlandiya. Tarkiblar ma'lum |
Реклама
Сайт хақида