O'zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi – CAFA chempioni!
26.07.2026 00:16 Ўқилди: 228
Turnirning so'nggi turida O'zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi mezbon Tojikiston vakillariga qarshi maydonga tushib, 7:0 hisobidagi yirik g'alabani qo'lga kiritdi.
Uchrashuvning dastlabki bo'limida Nargiza Mamatalieva hisobni ochdi. Shundan so'ng Shahzoda Alixonova raqib darvozasini ikki bor ishg'ol qilib, ustunlikni mustahkamladi. Taym yakunlanishi arafasida terma jamoamiz sardori Shahnoza Dekanboeva ham gol urib, birinchi bo'lim 4:0 hisobida yakunlanishini taminladi.
Ikkinchi bo'limda ham O'zbekiston vakilalari tashabbusni qo'ldan boy berishmadi. Sevinch G'ulomova burchak zarbasidan so'ng hisobni 5:0 ko'rinishiga keltirdi. Oradan o'n daqiqa o'tib Yodgora Yusupova penaltidan aniq zarba yo'lladi. Uchrashuvdagi yakuniy gol esa 78-daqiqada Mariya Daxova tomonidan kiritildi.
Shu tariqa, Viktoriya Sirota boshchiligidagi O'zbekiston U-20 ayollar terma jamoasi musobaqani 3 ta uchrashuvda 7 ochko bilan yakunlab, CAFA U-20 Women’s Championship 2026 turniri g'olibiga aylandi.