Turnirda jami 24 ta jamoa uchta yosh toifasida g'oliblik uchun bahs olib boradi. Musobaqada Farg'ona viloyatining eng sara jamoalari bilan bir qatorda qo'shni Andijon viloyatlaridan tashrif buyurgan yosh futbolchilar ham ishtirok etmoqda.
Musobaqa yuqori saviyada tashkil etilgan bo'lib, yosh futbolchilar, murabbiylar hamda muxlislar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Uchrashuvlar zamonaviy havo gumbazi bilan yopilgan futbol manejida o'tkazilayotgani esa turnirning yana bir muhim jihati hisoblanadi.
Ayni kunlarda tashqi havo harorati yuqori bo'lishiga qaramay, manej ichidagi qulay mikroiqlim tufayli harorat +20°S atrofida saqlanmoqda. Bu esa yosh futbolchilarga o'z mahoratini to'liq namoyish etish, muxlislarga esa uchrashuvlarni qulay sharoitda tomosha qilish imkonini bermoqda.
“Fergana Cup” nafaqat g'oliblarni aniqlash, balki kelajakda katta futbolga qadam qo'yadigan istedodlarni kashf etish maydoniga aylanishi kutilmoqda. Musobaqa davomida yosh futbolchilar o'rtasida qiziqarli va murosasiz bahslar guvohi bo'lishimiz shubhasiz.