SSKA himoyachisi: «Jahon chempionatida Abbosni qo‘llab-quvvatlayapmiz»
21.06.2026 21:22 Ўқилди: 409
Moskvaning SSKA klubi himoyachisi Matvey Lukin O‘zbekiston milliy jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayevning jahon chempionatidagi ilk goliga munosabat bildirdi.
Kolumbiyaga qarshi uchrashuvda (1:3) Fayzullayev O‘zbekiston terma jamoasi tarixida mundiallardagi birinchi gol muallifiga aylandi. Shuningdek, u XXI asrda jahon chempionatlarida bosh bilan gol urgan eng past bo‘yli futbolchi sifatida tarixga kirdi.
Matvey Lukinning aytishicha, SSKAdagi sobiq jamoadoshlari Abbosbekni qo‘llab-quvvatlab turishmoqda:
«Albatta, Abbosni qo‘llab-quvvatlayapmiz. Uning gol urganidan juda xursandman. Bu O‘zbekiston terma jamoasining jahon chempionatlaridagi birinchi goli. U bilan yozishdik, u mamnun va xursand holda o‘tirgan videosini yubordi. Men unga bo‘shashmasligini aytdim, chunki oldinda muhim o‘yinlar bor. Hazillashib, “endi kibrlanib ketma” dedim. Lekin u mehnatkash va yaxshi yigit, bunday narsa unga xos emas».
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempionatining final bosqichida ishtirok etmoqda. Keyingi turda Fabio Kannavaro shogirdlari Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi.