
Islom Ismoilov: – Avvalo, barcha muxlislarni uzoq yillik tanaffusdan so'ng Osiyo Chempionlar ligasi yana Farg'onaga qaytayotgani bilan tabriklayman. Albatta, bu holat klub uchun katta yutuq hisoblanadi va bu yo'lda ko'plab insonlar tinimsiz mehnat qilishdi. Ertangi uchrashuvga jamoamiz jiddiy tayyorgarlik ko'rdi, har tomonlama o'yinga tayyormiz. O'ylaymizki, ertaga muxlislarimizni hamda butun O'zbekiston bo'ylab bizni qo'llab-quvvatlab turgan barchani chiroyli g'alaba bilan xursand qilamiz.
Anvar G'ofurov: – Elit Osiyo Chempionlar ligasining boshlanish arafasidamiz. Farg'ona xalqiga ushbu nufuzli musobaqa hayajonini taqdim etish uchun astoydil harakat qildik. Ertangi o'yinga tayyorgarligimiz juda yaxshi. Xudo xohlasa, ertaga muxlislarimizga bayram ulashishga harakat qilamiz.
– Biroz avval bo'lib o'tgan matbuot anjumanida raqib jamoa bosh murabbiyi musobaqani "Neftchi"ga qarshi boshlash ular uchun unchalik qulay emasligini, chunki "Neftchi" teng kuchli raqobatga ega jamoalar bilan o'ynayotganini ta'kidladi. Sizningcha, turnirni aynan "Eyr Fors"ga qarshi boshlash jamoa uchun qanchalik ahamiyatli?
Islom Ismoilov: – Mazkur musobaqada oson raqibning o'zi yo'q. Nomi bilan turnir – Elit Osiyo Chempionlar ligasi hisoblanadi va bu erga o'z mamlakatining eng yaxshi jamoalari tashrif buyurgan. "Eyr Fors" jamoasi ham olti karra Iroq chempioni sanaladi. To'g'ri, so'nggi paytlarda ularning ichki chempionatida omadsizliklar kuzatilayotgan bo'lishi mumkin, lekin bizning asosiy vazifamiz raqibning muammolariga emas, balki o'z o'yinimizga e'tibor qaratishdir. Raqib kim bo'lishidan qati nazar, oldimizga qo'yilgan va talab qilinayotgan o'z o'yin uslubimiz bor – tezlik hamda yuqori intensivlikdagi pressingga asoslangan vertikal futbol ko'rsatish. Sababi, Osiyo darajasidagi jamoalarga munosib raqobat ko'rsatish uchun bizga aynan shunday o'yin uslubi kerak bo'ladi. Biz buning ustida tinimsiz ishlayapmiz. Shuni hisobga olgan holda, barcha raqiblarga bir xil ko'z bilan qaraymiz, ularni hurmat qilamiz va maydonda bor kuchimiz bilan kurashamiz.
– Ochig'ini aytsam, "Neftchi" so'nggi o'yinlardagi natijalaridan kelib chiqib, Osiyo Chempionlar ligasiga biroz kutilmagan sport formasida yetib kelyapti, deb o'ylayman. Masalan, bir oy oldin jamoa ancha tartibli o'yin ko'rsatayotgan edi. Hozirgi vaqtda transferlar amalga oshdi, ertaga uch nafar yangi futbolchi ham ro'yxatdan o'tkazildi. Ular maydonga tushishga tayyormi? Shuningdek, "Buxoro" va "Nasaf"ga qarshi o'yinlarda o'tkazib yuborilgan gollar markaziy himoya chizig'i borasida biroz xavotir uyg'otmoqda.
– Jamoada kuzatilayotgan so'nggi natijalar bo'yicha shuni aytishim mumkinki, bu har qanday klubda uchrab turadigan holat. Butun mavsumni bir xil barqarorlikda o'tkazishning imkoni yo'q va bunga bir nechta omillar sabab bo'ladi. Ko'rib turganingizdek, tarkibimizda jiddiy yo'qotishlar bor va bu o'yin jarayoniga albatta o'z ta’sirini o'tkazadi. Lekin biz har bir futbolchiga ishonch bildiramiz. Har bir musobaqaning o'z ruhiyati va o'ziga xos tayyorgarlik jarayoni bor. O'zbekiston chempionati umuman boshqa daraja, Osiyo elitasi esa mutlaqo boshqa. Psixologiya bu yerda katta rol o'ynaydi va futbolchilarimiz turnirga juda katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik ko'rishmoqda. Ular bu musobaqani uzoq kutishdi, ko'pchilik uchun bu debyut bahsi bo'lishi mumkin. Shu bois, ichki chempionatdagi so'nggi barqaror bo'lmagan natijalarimiz ushbu musobaqaga umuman ta’sir qilmaydi, deb bemalol ayta olaman. Asta-sekinlik bilan yana o'z formamizga qaytyapmiz, jarohatlangan futbolchilar safimizga qo'shilmoqda. Asosiy maqsadimiz – mavsumni qanday shiddat bilan boshlagan bo'lsak, uning hal qiluvchi yakuniy qismini ham xuddi shunday yuqori darajada yakunlash.
– Raqib jamoani o'rganish jarayonida ularning qaysi jihatlari sizda ko'proq xavf uyg'otdi va bunga qarshi maxsus taktika ishlab chiqildimi?
– Albatta, raqibning so'nggi besh-oltita o'yinini to'liq ko'rib chiqdik. Ularning kamchilik va yutuqlarini chuqur tahlil qildik. Har bir holat uchun alohida reja ishlab chiqilgan va mashg'ulotlarda buning ustida jiddiy ishladik. Xudo xohlasa, mehnatlarimiz samarasini ertaga maydonda ko'rsatamiz.
– Anvarjon, sizni Elit ligaga qadam qo'yganingiz bilan tabriklaymiz. O'zingizda qandaydir ruhiy bosim sezilmayaptimi? Yigitlarning kayfiyati qanday?
Anvar G'ofurov: – Tabrik uchun rahmat. Bundan juda xursandman. Yillar davomida Osiyo Chempionlar ligasida o'ynashni orzu qilardim. Xudoga shukur, shu kunlarga yetib keldik. Jamoadoshlarimga keladigan bo'lsak, kayfiyatimiz juda a'lo darajada. Yigitlarda hech qanday ruhiy bosim yo'q. Ertaga eng optimal sport formamizni namoyish etishga harakat qilamiz.
– Tarkibga yangi futbolchilar kelib qo'shildi. Ularning jamoaga moslashuv jarayoni qanday kechmoqda va ertangi uchrashuvda ularni asosiy tarkibda ko'ramizmi?
Islom Ismoilov: – Yangi futbolchilar tarkibimizga endigina kelib qo'shilishdi. Ularni tezroq moslashtirish ustida ish olib boryapmiz. Ular tajribali va yuqori saviyadagi futbolchilar bo'lib, ulardan umidimiz katta. Asosiy maqsad – "Neftchi" jamoasini kuchaytirish. Buning uchun transfer bozorida katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Bu harakatlarimiz jamoamiz foydasiga xizmat qiladi, deb o'ylaymiz.
– Jamoada jarohat olgan futbolchilar borligi sizni taktik rejalar borasida qanchalik tashvishga solmoqda?
– Har bir futbolchining jamoada o'z o'rni bor. Kimdir safdan chiqsa, bu o'z-o'zidan o'yinga ta’sir ko'rsatadi. Biroq tarkibimizda ularning o'rnini to'ldira oladigan va kerakli vaqtda yordam beradigan futbolchilarimiz etarli. Ertaga mazkur yo'qotishlarni bildirmaydigan darajada harakat qilamiz.
– Biroz avval raqib jamoa bosh murabbiyi o'zlarida ham yo'qotishlar borligini ta'kidladi. Raqibning bu muammolaridan biz qanchalik foydalana olamiz?
– Yuqorida aytib o'tganimdek, raqibning muammolari biz uchun qiziq emas. Ularning yo'qotishlari yoki turnir jadvalidagi o'rniga umuman e'tibor qaratganimiz yo'q. Bor diqqat-e'tiborimiz faqat o'zimizning o'yinimizga qaratilgan. Futbolda har qanday holat yuz berishi mumkin. Shuning uchun biz ertaga raqibning qanday holatda kelganiga qarab emas, balki o'zimiz xohlagan o'yinni namoyish etishga harakat qilamiz.
– So'nggi o'yinlarda jamoa biroz ko'ngildagidek o'yin namoyish eta olmayotgan bo'lsa-da, Farg'ona futbol jamoatchiligi Botirali Ergashevni to'la qo'llab-quvvatlaydi. Darvoza chizig'i masalasida kelajakdagi rejalar qanday va Botirali Ergashevning jamoadagi o'rni qanday bo'ladi?
– Hozir boshqa hech narsani o'ylayotganimiz yo'q. Faqat bitta maqsad – ertangi uchrashuvda g'alaba qozonish va bu yo'lda biz Botiraliga to'liq ishonamiz hamda uni doim qo'llab-quvvatlaymiz. U jamoa uchun ko'p mehnat qilgan futbolchi va bitta xato sababli uni ruhan tushirib yuborish noto'g'ri bo'ladi. Botiralining o'zida ham juda katta ishtiyoq bor. O'zining ishonchli o'yinlari orqali u yana muxlislar mehrini qozonadi. O'ylaymanki, bu o'yin uning qaytadan oyoqqa turishi uchun muhim vazifani bajarib beradi.
– Transfer bozorida katta ishlar qilindi, deb o'tdingiz. Lekin yangi kelgan legionerlarning bazilari uzoq vaqt jarohat tufayli maydonga tushmagan bo'lishi mumkin. Ularni to'g'ridan-to'g'ri Elit ligasi bahslariga tashlash qanchalik katta tavakkal hisoblanadi?
– Sisseyga keladigan bo'lsak, unda hech qanday jarohat yo'q, u mavsumni yaxshi o'tkazgan. 29 yoshli, katta potencialga ega futbolchi va u birinchi marta maydonga tushayotgani yo'q. Futbolda yuqori darajadagi o'yinchilar ham jarohat olib, keyin yana o'z tiklanishlarini amalga oshirib, jamoa ishonchini oqlashi ko'p kuzatiladigan holat. Sissey juda tajribali, biz uni har tomonlama o'rganib chiqqanmiz va o'yin uslubimizga mos kelgani uchun jamoaga jalb qilganmiz. U mashg'ulotlarda o'zini to'liq ko'rsatmoqda. Augustoga kelsak, ularda ham tiklanish jarayoni yakunlangan. E'lon qilinishi kutilayotgan Markus ham so'nggi o'rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushgan. Xulosa qilib aytganda, jamoaga jalb qilingan barcha o'yinchilarda hozirda hech qanday jarohat yo'q va ular mashg'ulotlarni to'liq o'tkazishga tayyor.
– Ushbu futbolchilar bilan qisqa muddatli shartnoma tuzildimi yoki bir mavsumlikmi?
– Yo'q, futbolchilar bilan uzoq muddatli shartnomalar imzolangan. Bu yarim yoki bir yillik kelishuv emas.
![]() | 22.09.2026 01:24 Ўқилди 18947 Infantino FIFAning barcha 211 a'zosiga xat yubordi |
![]() | 15.09.2026 02:56 Ўқилди 14430 "Paxtakor" ustozi: "Havo harorati va yuqori namlik qiyinchilik tug'dirdi" |
![]() | 19.09.2026 02:00 Ўқилди 11579 APL. "Chelsi" "Brentford" maydonida yirik hisobda yutqazdi |
![]() | 14.09.2026 19:56 Ўқилди 9958 Pioli Saloh o'ynayotgan jamoani boshqarishi mumkin |
![]() | 20.09.2026 19:40 Ўқилди 9828 Superliga. "Lokomotiv" - "Neftchi" 0:0 (matnli translyatsiya) |
![]() | 20.09.2026 02:00 Ўқилди 8718 La Liga. "Barselona" Rafinyaning xet-trigi evaziga "Sevilya"ni mag'lub etdi |
![]() | 13.09.2026 20:32 Ўқилди 7732 LIVE. APL. "Manchester Yunayted" - "Manchester Siti" 0:0 (matnli translyatsiya) |
![]() | 22.09.2026 09:48 Ўқилди 6624 TEAMtalk APLning autsayder klubi Ikardini o'z safiga qo'shib olmoqchi ekanini ma'lum qildi |
![]() | 21.09.2026 02:00 Ўқилди 6192 PSJ Liga 1da "Marsel"ni mag'lub etdi, Ferran Torres gol urdi |
![]() | 20.09.2026 19:16 Ўқилди 6056 LIVE. La Liga. "Atletiko Madrid" – "Real Madrid" 0:0 (matnli translyatsiya) |
Реклама
Сайт хақида