Meksika muxlislari Angliya terma jamoasi mehmonxonasi oldida tartibsizliklar uyushtirdi
05.07.2026 21:33 Ўқилди: 634
Meksika terma jamoasi muxlislari JCH-2026 1/8 finalidan oldin Angliya milliy jamoasi joylashgan mehmonxona oldida tartibsizliklar keltirib chiqardi. Bu haqda TyC Sports xabar berdi.
Muxlislar angliyalik futbolchilarning uxlashiga xalaqit berishga uringan. Mehmonxona oldiga to‘plangan ishqibozlar feyerverklar uchirgan, baraban va karnaylar chalgan hamda turli hayqiriqlar bilan jamoaga bosim o‘tkazishga harakat qilgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari muxlislarni mehmonxona atrofidan uzoqlashtirib, futbolchilarning dam olishi uchun chora ko‘rgan. Biroq meksikalik ishqibozlar ancha uzoqroq masofadan turib ham pirotexnika vositalaridan foydalanishda davom etgan.
Guruh bosqichi yakunlariga ko‘ra, Meksika terma jamoasi 9 ochko bilan A guruhida birinchi o‘rinni egallagan. Angliya esa 7 ochko to‘plab, L guruhida peshqadam bo‘lgan.
1/16 finalda Meksika Ekvadorni 2:0 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa, Angliya Kongo DR ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozongan.
Meksika — Angliya o‘rtasidagi JCH-2026 1/8 final bahsi 6 iyul kuni Mexikodagi «Asteka» stadionida bo‘lib o‘tadi.