Yorqin Nazarov: "Muhimi, ilk turni g'alaba bilan boshlab oldik"
06.04.2026 21:32 Ўқилди: 377
- O'yin haqida fikringiz?
- Bugun birinchi turni boshlab oldik. Oson bahs kechmadi. "Jayxun" bu o'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rgan ekan. Jamoa tarkibidagi yoshlarga qarshi to'p tepish oson bo'lmadi. Muhimi, ilk turni g'alaba bilan boshlab oldik.
- Jamoangizning o'yinga kirishib kyetishi qiyin kechdi. Bu muxlislar bosimi bilan bog'liqmi yo boshqa sababmi?
- Endi futbolda har doim bosim bo'ladi. Qolaversa chempionat boshidagi hayajon sezildi. Tarkibimizda tajribali futbolchilar ko'p, shu bois ortiqcha bosimni his qilmadik. Faqat birinchi tur bo'lgani uchun har ikki jamoa ehtiyotkorlik bilan o'yin olib bordi. Shuning uchun birinchi bo'limda kam vaziyatlar bo'ldi. Ikkinchi bo'limda esa ko'proq hujum tashkil qildik va vaziyatlar ham ko'p bo'ldi.
- "Jayxun" jamoasining sizni hayron qoldirgan jihati bo'ldimi?
- Futbolchilarni yaqindan hali bilmayman, lekin raqib safida texnikasi yaxshi futbolchilar bor ekan. Uch-to'rt nafar shunday futbolchini payqadim. Ham jamoa tezkor o'yin namoyish etishga harakat qildi. "Jayxun" hali ko'p jamoalarga boshog'riq bo'ladi va ochko oladi deb o'ylayman. Keyingi o'yinlarda omad tilayman.
- "Kattaqo'rg'on" oldiga bu mavsum qanday vazifa qo'yilgan?
- Biz yangi chiqqan jamoamiz va zo'r ishtiyoq bilan chempionatga kirishganmiz. To'g'risi, maqsadimiz yuqori, lekin qanday natija ko'rsatishimizni vaqt ko'rsatadi. Agar Superligaga chiqadigan bo'lsak, bu juda yaxshi natija bo'ladi.