
O'tgan yozda terma jamoamiz JCH yo'llanmasini qo'lga kiritdi va barchasi o'zgarib ketdi. Futbolchilar va MTJ jamiyat orasida eng ko'p muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylandi. Terma jamoamizning asosiy etakchisi Otabek Shukurov ham kuni kecha shuni takidlab o'tdi.
"Hozirgi kunda barchaning etibori bizda", - deya takidlab o'tdi Otabek Shukurov.
Terma jamoamiz JCHga chiqqanidan so'ng OAVning futbolga bo'lgan etibori ham karrasiga oshdi. Mahalliy OAVlar ko'proq futbol haqida yozib, yorita boshladi. Bu tabiiy hol. Mart oyidagi FIFA kunlari ham bundan istisno emas. Terma jamoamizning mashg'ulotlarini va kunlik hayotini yoritib borayotgan OAVlar etarlicha. Terma jamoaning o'yinlarini va mashg'ulotlarini yoritish uchun har bir jurnalist O'FA tomonidan tasdiqlangan akkreditaciyaga ega bo'lishi kerak. Ushbu jarayon musobaqa yoki FIFA kunlari boshlanishidan bir necha kun yoki hafta avval boshlanadi. O'FA matbuot xizmati bu haqda OAV vakillariga xabar beradi va har bir nashr o'z muxbirlarini ro'yxatdan o'tkazish jarayonini boshlaydi. Dunyodagi har bir futbol yoki sport musobaqasini yoritish akkreditaciya orqali amalga oshiriladi. FIFA Series musobaqasiga ham akkreditaciyalarni berish jarayoni ham bo'lib o'tdi. Meni hayron qoldirgan jihat shundaki, bu safar o'ta ko'p "jurnalist"lar akkreditaciyani qo'lga kiritishdi. Ijtimoiy tarmoqlarda blog yuritadigan shaxslardan boshlab(ayniqsa futbolga aloqador bo'lmagan kontent yaratuvchilar), shunchaki Eldor Shomurodovga o'xshaydigan bir yigit ham OAV vakillariga taqdim etiladigan akkreditaciyani qo'lga kiritdi. Bu dahshat!Yanvar oyida Yevropaga safar qildim va ECHLning 7-turidan o'rin olgan "Budyo Glimt" - "Manchester Siti" (3:1) o'yinida ishladim. UEFA akkreditaciyaga topshirgan arizani ko'rib chiqishi va akkreditaciyani tasdiqlashi uchun uch haftadan ko'proq vaqt ketdi va bir necha marotaba turli xil qo'shimcha hujjatlarning talab etildi. Vaqt ham mayli, UEFAning media vakillari uchun yaratilgan portaldan ro'yxatdan o'tib, o'z shaxsingizni tasdiqlab olishning o'zi bir muammo. Tekshiruv o'ta puxta. Bizda deyarli duch kelgan inson akkreditaciya olib yuribdi.
Bir necha kun avval O'zbekistonning turli xil yosh toifalaridagi jamoalarda va 2017 yildan buyon milliy terma jamoa safida harakat qilib kelayotgan Rustam Ashurmatovga o'zingizni tanishtirib yuboring deb iltimos qilindi. Bugungi mashg'ulotda esa asosiy tarkibning etakchisi futbolchisi hisoblangan va JCH-2026 3-saralash bosqichidagi jami 10ta uchrashuvning barchasida asosiy tarkibda boshlab, umumiy 900 daqiqa o'yin vaqtidan 886 daqiqani maydonda o'tkazgan Odiljon Hamrobekovga boshqa ism bilan murojaat qilindi. Hamrobekov ham savol bergan jurnalistdan intervyu berayotgan futbolchining ismini yodlay olishni iltimos qildi. Bunday xunuk holatlardan so'ng futbolchilarning sport jurnalistlariga bo'lgan munosabati va ular haqidagi fikri salbiy tomonga o'zgarishi tabiiy, afsuski.

Bunday xunuk holatlarni kamaytirish uchun yagona echim - O'FA ishlash tizimini ko'rib chiqishi. Akkreditaciyani ko'chadan kelgan har bir insonga beraversak, bunday "qovun"lar soni kamaymaydi. Bilmadim, O'FA qanday mezonlar orqali akkreditaciyalarni tasdiqlaganini bilmayman, lekin hozirgi tizim noto'g'ri ishlamoqda. Muammo faqatgina akkreditaciyalash jarayonida emas. Umuman olganda, media vakillariga yaratib berilayotgan sharoitlar ham ayanchli ahvolda. "Paxtakor" stadionida o'tkazilgan Venesuela - Trinidad Tobago o'yiniga ham bordim. O'yindan keyingi matbuot anjumani umuman tashkil etilmadi. Futbolchilar intervyu berishi alohida ajratiladigan "mixed zone" qayerda joylashganini esa yarim soatdan ko'proq vaqt o'tganidan so'ng o'zim topib oldim. "Bunyodkor" stadionida esa so'nggi marotaba MTJning qaysi o'yinida wi-fi ishlagani va internet barqaror ishlab turgani esimda yo'q. Gabonga qarshi uchrashuvga bir xorijlik jurnalist tashrif buyuribdi. Media tribunada wi-fi ishlamayotganidan xabar topganida, yoqasini ushlab qoldi. Men O'FA taqdim etayotgan sharoitlarni Qatar yoki Saudiyadagi shart-sharoit bilan solishtirmayapman. Hattoki qo'shni Qirg'izistonda ham OAV uchun terma jamoa ishtirokidagi uchrashuvlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ancha yaxshi edi. 1941 yilda barpo etilgan Bishkekdagi "Dolon Omurzakov" stadionidagi internet, hashamatli "Bunyodkor" stadionidagi internet tezligidan barqarorroq va tezroq.

![]() | 22.03.2026 21:40 Ўқилди 16976 APL. "Tottenxem" "Nottingem"ga yirik hisobda engildi, "Aston Villa" g'alaba qozondi |
![]() | 22.03.2026 22:00 Ўқилди 12288 "Tottenxem" APLda o'tgan yildan buyon g'alaba qozona olmayapti |
![]() | 22.03.2026 22:32 Ўқилди 11351 "Yaypan" Qirg'iziston klubi bilan o'ynadi. Ikki jamoa ikki xil natija elon qildi |
![]() | 27.03.2026 19:56 Ўқилди 8000 Chempionlar Ligasi-2026 finali vaqti e'lon qilindi |
![]() | 27.03.2026 19:00 Ўқилди 7085 FIFA Series. Venesuela Trinidad va Tobago ustidan yirik g‘alabaga erishdi |
![]() | 22.03.2026 23:00 Ўқилди 6834 Tudor APLdagi sharmandagi mag'lubiyatdan so'ng matbuot anjumaniga kirmadi |
![]() | 22.03.2026 21:32 Ўқилди 6476 Angliya Liga kubogi. "Arsenal" – "Manchester Siti" 0:0 (matnli translyaciya) |
![]() | 24.03.2026 16:55 Ўқилди 6046 Valverde, Nunyes, Arauxo. Urugvayning Angliyaga qarshi o‘yin qaydnomasi ma’lum |
![]() | 27.03.2026 19:24 Ўқилди 5840 "Real" himoyachisi jamoadan ketadi |
![]() | 24.03.2026 23:33 Ўқилди 5629 Goal portali eng iqtidorli 50 nafar yosh futbolchi ro‘yxatini e’lon qildi |
Реклама
Сайт хақида