O'zbekiston kubogi. "Guliston" va "Azur" murabbiylarining o'yindan keyingi fikrlari
29.03.2026 21:56 Ўқилди: 700
"Azur" jamoasi ustozi Andrey Pyatnickiy bahsning murosasiz kechganini va kichik xato jamoaga qimmatga tushganini takidlab o'tdi: "Qiyin o'yin bo'lishini oldindan bilardik. Raqibimiz kuchli jamoa edi. Jamoamiz o'yinni yaxshi nazorat qilayotgan edi. Ammo, afsuski, darvozabonimizning xatosi tufayli gol o'tkazib yubordik. Bu esa bizga qimmatga tushdi".
O'z navbatida, keyingi bosqich masalasini ijobiy hal qilgan "Guliston" klubi bosh murabbiyi Abbos Ergashev shogirdlarining harakatlariga baho berarkan, vaziyatlardan foydalanishda biroz oqsoqlik kuzatilganini aytib o'tdi: "Jamoamiz bugun o'z o'yinini nisbatan ko'rsata oldi. Ammo, vaziyatlarni yakunlashda muammolar bo'ldi. Lekin o'yin tomonlama yaxshi o'ynadik deb o'ylayman".
Shuningdek, mutaxassis raqibga qarshi qanday taktika asosida harakat qilishgani va bu g'alabaning viloyat ahli uchun qanchalik muhim ekanligiga ham to'xtalib o'tdi: "Biz raqibni o'rganib chiqish davomida ular juda zich himoyalanishiga guvoh bo'lgan edik. Bugun ushbu himoyani uzun va o'rta paslar bilan yorib o'tishga harakat qildik. Bu bazida o'xshadi, bazida o'xshamadi. O'zbekiston kubogi musobaqasining hal qiluvchi bosqichiga yo'l oldik. Bu orqali Sirdaryo viloyatiga katta futbolni qaytarmoqdamiz. Bundan juda xursandmiz. Nasib etsa, ushbu musobaqada ham munosib o'ynab jamoa muxlislarini bugungidek xursand qilmoqchimiz".