Monegasklarning bu qaroriga jamoadagi ketma-ket jarohatlar sabab bo'lgan. Avvaliga asosiy himoyachi Mohammed Salisu tizzasidan og'ir jarohat olib, uzoq muddatga safdan chiqdi. Uning o'rniga "Lester"dan ijaraga olingan Vaut Fas esa "Gavr"ga qarshi o'yinda (0:0) to'pig'ini shikastlab oldi. Eng yomoni, Fasning o'rniga maydonga tushgan Erik Dayer ham o'sha o'yinning o'zida jarohat olib, maydonni tark etdi.
Xabarlarga ko'ra, "Monako" Natan Ake transferi bo'yicha muzokaralar olib borgan, biroq bu jarayon tezda to'xtatilgan. 30 yoshli niderlandiyalik himoyachining "Lui II" stadioniga ko'chib o'tishi hozircha amalga oshmaydigan bo'ldi.
Ayni damda monegasklar ixtiyorida faqatgina bitta sog'lom markaziy himoyachi — Tilo Kerer qolmoqda. Jamoa yaqin kunlarda Chempionlar Ligasi doirasida "Yuventus"ga qarshi maydonga tushishi kerak.