Yarim himoyachi Renatu Sanshesh "PSJ"ga qaytdi. "Benfika" klubi o‘zining rasmiy saytida 27 yoshli futbolchining ijara muddati yakunlangani haqida e’lon joylashtirdi. "Burgutlar" Sansheshni o‘tgan yilning avgustida ijaraga olgandi. 2024/2025 yilgi mavsumda Renatu 21 ta o‘yinda maydonga tushib, bitta gol urgan.
O‘z vaqtida Sansheshni Yevropaning eng iste’dodli futbolchilaridan biri deb atashgan. Biroq, yarim himoyachining faoliyati 2016 yilning yozida "Bavariya"ga o‘tganidan keyin pasayib ketdi. Darvoqe, Sanshesh Yevro-2016ning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgandi.
Renatu Sansheshning "PSJ" bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yarmigacha mo‘ljallangan.