Messi jarima zarbasidan urilgan gollar bo‘yicha Pernambukanoga yetib oldi
28.06.2026 20:33 Ўқилди: 358
Lionel Messi jarima zarbasidan urilgan gollar soni bo‘yicha braziliyalik Juninyo Pernambukano bilan tenglashib oldi. Bu argentinalik yulduzning JCH-2026 3-turidan o‘rin olgan Iordaniyaga qarshi o‘yinda (3:1) kiritgan goli evaziga sodir bo‘ldi.
Endilikda har ikki futbolchi hisobida milliy terma jamoa va turli mamlakatlarning oliy divizionlaridagi klublar miqyosida standart vaziyatlardan kiritilgan 72 tadan gol mavjud.
Bir qator statistik portallar Messidan yuqoriroq o‘ringa bir yo‘la uch nafar Braziliya vakilini qo‘ymoqda — Marselinyo Karioka (78 ta gol), Jair Rosa Pinto (74 ta gol) va Roberto Dinamite (73 ta gol). Ammo shuni ta’kidlash joizki, bu raqamlar 100 foiz tasdiqlanmagan.
Messi va Pernambukanodan keyingi o‘rinlarni Markos Assunsao (68 ta) va Sinisha Mixaylovich (67 ta gol) egallab turishibdi.