"Chelsi"dan tarixiy antirekord: Londonliklar bir mavsumda 262 million funt zarar ko'rdi!
01.04.2026 21:08 Ўқилди: 364
2024/25 yilgi mavsum yakunlariga ko'ra, klubning soliq to'langunga qadar ko'rgan zarari 262,4 million funtni tashkil etdi.
Bu ko'rsatkich bilan "aristokratlar" "Manchester Siti"ning 2010/11 yilgi mavsumdagi antirekordini (197,5 mln funt) yangilashdi. Qizig'i shundaki, klubning o'tgan mavsumdagi umumiy daromadi 490,9 million funtni tashkil etgan bo'lib, bu klub tarixidagi ikkinchi ko'rsatkichdir.
"BBC Sport" xabariga ko'ra, bunday ulkan zararga bir qancha omillar sabab bo'lgan. Jumladan, Roman Abramovich davridagi qoidabuzarliklar uchun to'langan 10,75 million funt jarima, shuningdek, Rahim Sterlingning jamoadan ketishi va Mixail Mudrikning chetlatilishi bilan bog'liq yo'qotishlar hisobotga kiritilgan.
Shunga qaramay, "Chelsi" APLning moliyaviy feyr-pley (PSR) qoidalari doirasida qolmoqda (uch mavsum uchun 105 mln funt zararga ruxsat berilgan). Klub rahbariyati joriy mavsum yakunida rekord darajada foyda ko'rishni kutmoqda. Bunga Klublar o'rtasidagi Jahon chempionatidagi g'alaba uchun beriladigan 85 million funt va YCHL translyatsiyalaridan keladigan 80 million funt yaqin daromad asos bo'lishi aytilmoqda.